Yangi Ahd o

Переводы: (скрыть)(показать)
LXX Darby GRBP NRT IBSNT UBY NIV Jub GRBN EN_KA NGB GNT_TR Tanah Th_Ef MDR UKH Bible_UA_Kulish Комментарий Далласской БС LOP ITL Barkly NA28 GURF GR_STR SCH2000NEU New Russian Translation VANI LB CAS PodStr BibCH UKDER UK_WBTC SLR PRBT KZB NT_HEB MLD TORA TR_Stephanus GBB NT_OdBel 22_Macartur_1Cor_Ef VL_78 UBT SLAV BHS_UTF8 JNT UKR KJV-Str LXX_BS BFW_FAH DONV FIN1938 EKKL_DYAK BB_WS NTJS EEB FR-BLS UNT KJV NTOB NCB McArturNT Makarij3 BibST FIN1776 NT-CSL RST Mc Artur NT BBS ElbFld RBSOT GTNT ACV INTL ITAL NA27 AEB BARC NZUZ שRCCV TORA - SOCH LOGIC VCT LXX_Rahlfs-Hanhart DRB TanahGurf KYB DallasComment GERM1951 Dallas Jantzen-NT BRUX LXX_AB LANT JNT2 NVT
Книги: (скрыть)(показать)
Y. Matto. Mark. Luqo. Yuhanno. Havoriylar faoliyati. Yoqub. 1Butrus. 2Butrus. 1Yuhanno. 2Yuhanno. 3Yuhanno. Yahudo. Rimliklarga. 1Korinfliklarga. 2Korinfliklarga. Galatiyaliklarga. Efesliklarga. Filippiliklarga. Kolosaliklarga. 1Salonikaliklarga. 2Salonikaliklarga. 1Timo’tiyga. 2Timo’tiyga. Titusga. Filimo’nga. Ibroniylarga. Vahiy.
Главы: (скрыть)(показать)
1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28

Yangi Ahd o

Matto 26

1 Iso hamma so'zlarini aytib bo'lgach, shogirdlariga dedi:

2 “Ikki kundan keyin Fisih bayrami bo'lishini bilasizlar. Ana, o'shanda Inson O'g'li xochga mixlash uchun tutib beriladi”.

3 Shundan keyin oliy ruhoniylar, ulamolar va oqsoqollar jamisi Kayafa ismli bosh oliy ruhoniyning hovlisida to'planishib.

4 Isoni hiyla bilan tutib o'ldirishni o'zaro maslahatlashib oldilar.

5 Ular: “Bu ish faqat bayram kunlarida bo'lmasligi kerak, yana xalq g'alayon qilmasin”,—dedilar.

6 Iso Baytaniyada moxov Simunning uyida ekan,

7 bir ayol Uning oldiga keldi. U ganchdan yasalgan idishda juda qimmatli atir moy keltirib, Iso dasturxon oldida o'tirgan paytda Uning boshiga quydi.

8 Shogirdlari buni ko'rgach, g'azablanib: Bu isrofgarlikning nima keragi bor?

9 Bu moyni katta bahoga sotib, pulini kambag'allarga bo'lib berish mumkin edi-ku! - deyishdi.

10 Iso aytilganlarning farqiga borib, shogirdlariga dedi: Nega ayolni xijolatda qoldiryapsizlar? U Men uchun ezgu ish qildi.

11 Kambag'allar har doim sizlar bilan birga, lekin Men doim sizlar bilan birga bo'lmayman.

12 Ayol bu moyni tanamga to'kib,Meni ko'mishga tayyorladi.

13 Sizlarga chinini aytayin: Injil Xushxabari dunyoning qaysi yerida targ'ib qilinsa, bu ayol ham eslanib, uning qilgan ishi yodga olinadi.

14 Shunda o'n ikki shogirddan biri bo'lgan Yahudo Ishqariyot degan kishi oliy ruhoniylarning oldiga borib:

15 Isoni qo'lingizga tutib bersam, menga nima berasizlar? - deb so'radi. Ular Yahudoga o'ttiz kumush tanga taklif etdilar.

16 O'sha vaqtdan boshlab Yahudo Isoga xiyonat qilish uchun qulay payt poylaydigan bo'ldi.

17 Xamirturushsiz non yopiladigan Fisih bayramining birinchi kunida shogirdlar Isoning oldiga kelib so'radilar: Senga Fisih bayrami taomini qayerda tayyorlashimizni buyurasan?

18 Shaharga kirib falon kishining oldiga boringlar, - dedi Iso, - va unga shunday deb aytinglar: “Ustozimiz: Mening vaqt-soatim yaqinlashdi, deyapti, Fisih bayramini shogirdlarim bilan birga sening uyingda nishonlamoqchiman deyapti”.

19 Shogirdlari Iso ularga buyurganiday qilib, Fisih taomini tayyorladilar.

20 Oqshom tushgach, Iso o'n ikki shogirdi bilan dasturxon atrofiga o'tirdi.

21 Ovqatlanayotganlarida, Iso: Sizlarga rostini aytsam, sizdan bir kishi Meni tutib beradi, - dedi.

22 Shogirdlar juda xafa bo'lib, birin-ketin Undan: Rabbiy, o'sha men emasmi? - deb so'ray boshladilar.

23 U esa javob qaytarib dedi: Men bilan birga kosaga non botirib yegan Meni tutib beradi.

24 To'g'ri, Inson O'g'lining taqdiri oyatda yozilganiday ketyapti. Lekin Inson O'g'lini tutib beradigan o'sha odamning holiga voy! U odamning tug'ilmagani yaxshiroq bo'lar edi.

25 Shunda Isoga xoinlik qiladigan Yahudo so'radi: Ustoz, meni ko'zda tutayotganing yo'qmi? - O'zing aytding, - dedi Iso.

26 Ular ovqatlanib o'tirganlarida, Iso nonni oldi, duo o'qib sindirdi va shogirdlariga tarqatib: Olinglar, yenglar, bu Mening tanamdir, - dedi.

27 Kosani ham olib, shukrona duosini aytdi va ularga uzatib: Bundan hammalaring ichinglar, - dedi.

28 Chunki bu - ko'plarning gunohlari kechirilishi uchun to'kiladigan, Yangi Ahdni tasdiqlaydigan Mening qonimdir.

29 Men sizlarga shuni aytaman: Otamning Shohligida sizlar bilan yangi sharob ichadigan o'sha kungacha, Men uzumning bu ko'z yoshidan boshqa ichmayman.

30 Keyin ular kuylab, Zaytun tog'i tomon ketdilar.

31 Shu orada Iso shogirdlariga dedi: Bu tunda hammangiz Mendan yuz o'girasizlar. Chunki Tavrotda shunday yozilgan: “Men cho'ponni jarohatlayman, qo'ylar o'zi tarqab ketadi”.

32 Biroq o'lib tirilganimdan keyin, Men sizlardan oldin Jalilaga boraman.

33 Butrus javob berib Unga dedi: Agar hamma Sendan yuz o'girsa ham, men hech qachon o'girmayman! - dedi.

34 Iso unga: Senga rostini aytsam, shu kechayoq, xo'roz qichqirmasdan avval, sen Mendan uch marta tonasan, - dedi.

35 Butrus Unga: Men Sen bilan birga o'lsam ham, Sendan aslo tonmayman! - dedi. Boshqa hamma shogirdlari ham shunday dedilar.

36 Shundan keyin Iso shogirdlari bilan birga Getsemaniya degan joyga keldi va ularga: Men nariroq borib ibodat qilgunimcha, sizlar shu yerda o'tirib turinglar, - dedi.

37 Butrus bilan Zabadiyning ikki o'g'lini O'ziga hamroh qilib olgan Iso ruhan siqilib, anduh cheka boshladi.

38 U yonidagilarga: Mening jonim o'lim oldidaligini sezib, juda qiynalmoqda. Shu yerda qolib, Men bilan birga sergak turinglar, - dedi.

39 Bir oz nari ketib, yerga yuz tuban uzaldi va ibodat qilib: Ey Otam! Agar mumkin bo'lsa, bu zaqqum kosa Mening yonimdan o'tib ketsin. Lekin Men istagandek emas, Sen istagandek bo'lsin, - dedi.

40 U shogirdlari yoniga qaytib kelganida, ularni uxlab yotgan holda ko'rdi va Butrusga dedi: Demak, sizlar Men bilan birga loaqal bir soatga uyg'oq tura olmadinglar.

41 Vasvasaga tushmaslik uchun hushyor bo'lib, ibodat qila turinglar. Ruh tetik, tana esa zaifdir.

42 Iso ikkinchi marta borib: Ey Otam! Agar bu qismat Meni damiga olmay o'tib ketishi mumkin bo'lmasa, mayli Sen xohlagandek bo'lsin, - deb ibodat qildi.

43 U qaytib kelib, shogirdlarini yana uxlab yotgan holda ko'rdi. Ularning qovoqlari salqigan edi.

44 Iso ularni qoldirib, yana uzoqlashdi va o'sha so'zlarni takrorlab, uchinchi marta ibodat qildi.

45 Shundan so'ng O'z shogirdlari yoniga kelib, ularga dedi: Sizlar hali ham uxlab, rohatlanib yotibsizlarmi? Mana, vaqt-soati keldi, Inson O'g'li gunohkorlar qo'liga tutib berilyapti.

46 Turinglar, ketaylik. Mana, Menga xoinlik qiluvchi ham yaqinlashib qoldi.

47 Iso gapini tugatmayoq, o'n ikki shogirdidan biri bo'lgan Yahudo kelib qoldi. Uning yonida oliy ruhoniylar va xalq olsoqollari tomonidan yuborilgan, qilich va tayoq ushlagan olomon bor edi.

48 Isoga xoinlik qiluvchi esa: “Men kimni o'psam, U O'shadir, Uni tutib olinglar”, deb ular bilan til biriktirgan edi.

49 U to'g'ri Isoning oldiga borib: Kayfing chog' bo'lsin, Ustoz! - deb Uni o'pdi.

50 Iso unga: Do'stim, nima uchun kelding ? - deyishi bilanoq, odamlar kelib, Isoga qo'llari bilan yopishgancha Uni ushlab olishdi.

51 Shunda Iso bilan birga bo'lganlardan biri qilichini qinidan sug'urib, qulochkashlab oliy ruhoniyning qaroliga dast soldi-da, qulog'ini uzib tashladi.

52 Lekin Iso unga: Qilichingni joyiga qaytarib qo'y! Qilich ko'targan bari qilichdan halok bo'lur.

53 Yoki o'ylaysanki, Men Otamga iltijo qilolmaymanmi? U Menga hoziroq o'n ikki tumandan ko'proq farishtalarni yuborishi mumkin.

54 Biroq u holda bularning sodir bo'lmog'i kerakligi aytilgan oyatlar bajo bo'larmikin?

55 Shundan so'ng Iso olomonga qayrilib dedi: Sizlar Meni hibsga olish uchun qaroqchiga qarshi chiqqandek qilichlaru tayoqlar bilan qurollanib kelibsizlar. Men bo'lsam, har kuni ma'badda ta'lim berib, sizlar bilan birga o'tirar edim, sizlar-chi Meni qo'lga olmadinglar.

56 Lekin bularning hammasi payg'ambar oyatlari bajo kelishi uchun sodir bo'ldi. O'shanda hamma shogirdlari Isoni qoldirib, qochib ketishdi.

57 Isoni qo'lga olganlar Uni bosh oliy ruhoniy Kayafaning huzuriga keltirdilar. U yerga ulamolar bilan oqsoqollar ham to'plandilar.

58 Butrus esa Isoga uzoqdan ergashib, oliy ruhoniyning hovlisigacha keldi. Ichkariga kirib, bu voqeaning oxirini ko'rish uchun xizmatkorlar bilan birga o'tirdi.

59 Oliy ruhoniylar, oqsoqollar va butun Oliy Kengash Isoga o'lim jazosini berish uchun Unga qarshi soxta dalillar izlashga tushdilar.

60 Anchagina guvohlar olg'a chiqqan bo'lsa-da, yetarlicha ayblovchi dalillar topilmadi. Nihoyat ikki soxta guvoh so'zga chiqib:

61 Bu Odam: “Men Xudoning ma'badini buzib, uch kunda qayta tiklay olaman”, - deb aytishdi.

62 Bosh oliy ruhoniy o'rnidan turib, Isoga: - Nega Sen hech javob qaytarmaysan? Ularning ayblovlariga nima deysan? - dedi.

63 Iso indamadi. Oliy ruhoniy Unga: Barhayot Xudo haqi Senga qasam ichirayinki, bizlarga ayt: Xudoning O'g'li - Masih Senmisan? - dedi.

64 Iso unga: O'zing aytding, - dedi. - Hatto sizlarga aytadurmanki, bundan keyin Inson O'g'li Qodir Tangrining o'ng tomonida o'ltirib, osmon bulutlari uzra kelayotganini ko'rasizlar.

65 Shunda oliy ruhoniy kiyimlarini yirtib: U shakkoklik qilmoqda-ku! Bizlarga boshqa guvohlarning nima keragi bor? Mana endi U Xudoga shak keltirganini o'zlaringiz eshitdingizlar.

66 Sizlar nima deysizlar? - dedi. Ular javob berib: O'limga loyiq! - deyishdi.

67 So'ng ular Isoning yuziga tupurib, Uni mushtlay boshladilar. Boshqalari esa Uni shapaloqlab:

68 Ey Masih! Qani payg'ambarligingni ko'rsatib, aytib ber-chi, Seni kimlar uryapti ekan? - derdilar.

69 Bu vaqt Butrus tashqi hovlida o'tirib edi. Bir xizmatkor ayol uning yoniga kelib: Sen ham jalilalik Iso bilan birga eding-ku! - dedi.

70 Lekin Butrus hammaning oldida inkor etib: Sen bo'lmag'ur gapni aytyapsan, - dedi.

71 So'ng darvoza tomon chiqdi. Boshqa bir xizmatkor ayol ham uni ko'rib, atrofdagilarga: Bu ham nosiralik Iso bilan birga bo'lgan! - dedi.

72 Butrus esa qasam ichgancha: Men bu Odamni tanimayman! - deb yana tondi.

73 Bir ozdan keyin u yerda turganlar kelib, Butrusga: Sen ulardan birining xuddi o'zisan, kaloming ham aytib turibdi, - deyishdi.

74 Lekin Butrus la'nat o'qib, qasam ichdi-da: Men bu Odamni tanimayman! - deb turib oldi. Shu vaqt birdan xo'roz qichqirdi.

75 Isoning unga: “Xo'roz qichqirmasdanoq, sen Mendan uch marta tonasan”, - degan so'zi Butrusning esiga tushib, tashqariga chiqdi-da, achchiq-achchiq yig'ladi.